Vol. 1 No. 1 (2026): TIPU Tillar va maktabgacha ta'lim fakulteti va EYIB hamkorligidagi Lingvopoetika: yangi tadqiqotlar, yangicha yondashuvlar ilmiy maqolalar to'plami
Articles

ABDULLA QAHHORNING ZAROFATLI SO‘ZI

Nizomiddin MAHMUDOV
Filologiya fanlari doktori, professor O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori

Published 2026-06-13

Abstract

Tom ma’nodagi so‘z san’atkori, o‘zbek hikoyanavislarining sardori Abdulla Qahhorning tilga munosabati barcha ijodkorlar uchun ulkan ibrat maktabi ekanligi hech kimga qorong‘i emas. Uning o‘tkir hikoyalarini, yirik nasriy asarlarini, mahorat bilan qilingan badiiy tarjimalarini, badiiyat va til haqidagi katta-kichik maqola va qaydlarini huzur bilan o‘qir ekanmiz, ana shu tuganmas ibrat maktabining zukko o‘quvchilari sifatida ham faxr, ham mas’uliyat hissini tuyamiz. A.Qahhor qalamiga mansub har qanday asarni o‘qib chiqqan kitobxon – u xoh adabiyotshunos yoki tilshunos bo‘lsin, xoh oddiy o‘quvchi bo‘lsin – so‘zning badiiy va lisoniy imkoniyatlaridan hayratga tushadi, oddiy, avvaldan tanish bo‘lgan shunchaki so‘zlar uning nazarida noziklashganday, ma’nan kengayib, kattalashib ketganday tuyuladi. So‘zlarni “jumla” deb ataladigan qat’iy qatorga bu qadar muvofiq va mutlaq o‘rnashtirib tizish mumkin ekanligiga qoyil qoladi. Atoqli yozuvchi Said Ahmad A.P.Chexovning til mahorati haqida gapirar ekan, shunday deb yozadi: “So‘zni u xuddi mix qilib qoqib qo‘ygandek. Ombir bilan ham sug‘urib ololmaysiz. Qopqog‘i bilan qoqib ombir tishlamaydigan qilib qo‘yadi”[1] Buyuk so‘z ustasi A.P.Chexovni o‘zbek tilida “gapirtirgan” Abdulla Qahhor ham so‘zni matnga ana shunday “mix qilib qoqib qo‘ygan”. Uning har bir asari bunga xolis guvohdir.

 

[1] “Совет Ўзбекистони” газетаси, 1985 йил 29 январь.